Sen bahorni sog’inmadingmi

Sen bahorni sog’inmadingmi?

Sen bahorni sog'inmadingmi?

Uyg’onguvchi bog’larni kezdim,

Topay dedim qirdan izingni.

Yonog’ingdan rang olgan dedim –

Lolazorga burdim yuzimni,

Uchratmadim ammo o’zingni, –

Sen bahorni sog’inmadingmi?

Uzoqlarda zalvorli tog’lar

Xayolimni keldilar bosib.

Kechdi qancha intizor chog’lar,

Vasling menga bo’lmadi nasib,

Sensiz men ham, bahor ham g’arib, –

Sen bahorni sog’inmadingmi?

O’ngirlarda sakraydi ohu,

Na’matakda sa’va mittijon.

Qorliklardan sipqarilgan suv,

Daralarda uradi javlon.

Nigohimdan faqat sen pinhon, –

Sen bahorni sog’inmadingmi?

Mana, bugun navro’zi olam,

Do’stlarimga gullar tutarman.

Qaylardasan, sevgili erkam…

Qo’limda gul, seni kutarman,

Umrim bo’yi chorlab o’tarman, –

Sen bahorni sog’inmadingmi?

Manba https://tafakkur.net

Ko'p o'qilgan