Asosiy/ Sherlar/ Qizg'onaman

Qizg'onaman

Rashk olovi yuragimga o't qalagan,
Ko'ngil kuysa otashida men yonaman.
Joningizni dudog'ida erkalagan,
Sizni o'sha ayollardan qizg'onaman.

O'zingizga bergim kelmas o'zingizni,
Qarosiga aylansaydim ko'zingizni,
Shabbodalar silaganda yuzingizni,
Sochingizni shamollardan qizg'onaman.

So'z deyolmay titrab turgan labimdasiz,
Agar sevish ayb bo'lsa aybimda siz,
Ko'ksimdagi urib turgan qalbimdasiz,
Bir lahzalik xayollardan qizg'onaman.

Ko'nglim og'rib ketdi oshiq ko'nglingizdan,
Ming sanamlar adashtirdi yo'lingizdan,
Go'zallarning nomi tushmas tilingizdan,
O'sha sohibjamollardan qizg'onaman.

Aylangansiz Zuhroning bir tilagiga,
Bir ko'z tashlang ko'zmunchoqli bilagiga,
Nigohingiz tushsa xatto ko'ylagiga,
Boshidagi ro'mollardan qizg'onaman.




O'xshash maqolalar