//

Asosiy/ Sherlar/ Muhammad Yusuf sherlari

Muhammad Yusuf she'riyati

Muhammad Yusuf she'riyati

TUSHLARIMGA KIR

Kapalakday kelib,
Qoshingga qo'nib,
Ko'zingga termulib umrim o'tsaydi...
Nima ham ko'ribman men yigit bo'lib?
Sochingni silashga qo'lim yetmaydi.
Peshonam shu ekan, peshonang shudir,
Tushimga kir endi, tushlarimga kir.
Tovoning o'padi ariqdagi suv,
Ko'ylaging etagin o'padi maysa.
Men-chi, bir giyohcha bo'lolmadim-ku,
Ey, ko'zlari jayron, kiprigi nayza!
Peshonam shu ekan, peshonang shudir,
Tushimga kir endi, tushlarimga kir.
Ko'chib borayotir bu umr - karvon,
Kunlarning bo'ynida yurak qo'ng'iroq.
Men senga armonu sen menga armon,
Ko'nglimning to'rida tutar shamchiroq.
Peshonam shu ekan, peshonang shudir,
Tushimga kir endi, tushlarimga kir.
Kapalakday kelib, qoshingga qo'nib,
Ko'zingga termulib umrim o'tsaydi.
Qoldingmu bag'rimda jonimdek bo'lib,
Sochingni silashga qo'lim yetmaydi.
Peshonam shu ekan, peshonang shudir,
Tushimga kir endi, tushlarimga kir...

YOQUB MERGAN

Yoqub cholga "Zaporojets" berishmadi,
Arizalar yozib borsa ko'rishmadi.
Ko'rgach esa ko'rmagandek yelka kisib,
Qo'nishmadi...
Yoqub cholning ko'ksi to'la orden edi,
Qayga borsa o'rni tayin to'rdan edi.
Nima deysiz - ikki urush ko'rgan edi,
Berlinda suratga tushgan mergan edi.
Bittagina oyog'i ham toldan edi,
Bittasini do'xtir kesib olgan edi.
Urushdan so'ng shunday bo'lib qolgan edi,
Gurs-gurs qilib yurishlari yolg'on edi!
Boshliq cholga "Zaporojets" bermadi,
Arizalar yozib borsa ko'rmadi.
Ko'rgach esa ko'rmagandek yelka qisib,
Ko'nmadi...
Yoqub cholning raysabesdan ko'ngli qoldi,
Yoqub cholning boshliq-bezdan ko'ngli qoldi.
Mendan, sizdan - hammamizdan ko'ngli qoldi,
Mashinasin boshqa olg'ir kimsa oldi.
Endi ul zot yallo qilib yuraverar,
Invalidning mashinasin suraverar.
Uni ko'rsam chol esimga kelaverar,
G'ildiragi yuragimni ezaverar...
Yoqub cholga berishmagan "Zaporoj"ning!

QORA QUMG'ON

Momom senga olov yoqqan,
Qora qumg'on, kora qumg'on.
Bobomni ham o'zing boqqan,
Qora qumg'on, qora qumg'on.
Onam qoshida tiz cho'kkan,
Qora qumg'on, qora qumg'on.
Otamning qo'llari tekkan,
Qora qumg'on, qora qumg'on.
Kunim sensiz o'tar, ammo,
Qo'lim ko'kka yetar, ammo,
Qora qumg'on, choyingdan ber,
Qora qumg'on, qora qumg'on...
Ular paymonasi to'lgach,
Udumlari u nut bo'lgach,
Uyimda mung'ayib qolgan,
Qora qumg'on, qora qumg'on.
Kelar davron, ketar davron,
O'zingdan o'zga yo'q armon.
O'zingdan o'zgasi yolg'on,
Qora qumg'on, qora qumg'on.
Kunim sensiz o'tar, ammo,
Qo'lim ko'kka yetar, ammo,
Qora qumg'on, choyingdan ber,
Qora qumg'on, qora qumg'on...

DO'PPI

Do'ppi kiymay qo'ydi odamlar,
Bir shoir, bir nosirdan boshqa.
Sochlar silliq,
Silliq qadamlar,
U og'irlik qilyapti boshga...
Rost do'ppilar,
Yolg'on do'ppilar,
Kinolarda qolg'on do'ppilar.
Chust do'ppilar,
Anjon do'ppilar,
Munchoqdek Marg'ilon do'ppilar...
Do'ppi kiymay qo'ydi odamlar,
Bir shoir, bir nosirdan o'zga,
Men ham sizga berdim savollar,
Shlyapamni bostirib ko'zga.
Do'ppi kiymay qo'ydi odamlar,
Ko'ngil esa ko'rmoq tusaydi.
Madaniyat gullagan damlar,
Kallaga e'tibor susaydi.
Do'ppi kiymay qo'ydi odamlar,
Na uyda va na ko'chada.
Mirtemirlar, G'afur G'ulomlar
Yechgan do'ppi qoldi tokchada...
Bu qandayin ko'rgulik savdo,
Do'ppi kiymay qo'ydi xaloyiq.
Boshga loyiq do'ppi yo'qdir yo
Bosh qolmadi do'ppiga loyiq.

MATEMATIKA DARSI

Matematika qo'yni to'la sir bo'ladi,
Birga birni ko'paytirsa - bir bo'ladi.
Derazadan mo'ralaydi olma shoxi,
Ufkda bulut - ertaga yomg'ir bo'ladi...
Matematika, yomg'irlarda chopgum kelur,
Jumbog'ingga men xam javob topgum kelur
Derazadan mo'ralaydi bodom shoxi,
Boqqa chiqib qo'ng'izlarni o'pgum kelur.
Matematika, men ham o'yga botgum kelur,
O'ylab-o'ylab... o'zingga tosh otgum kelur.
Sen samolyot kashf etasan, mening esa
Yalpiz bilan achomlashib yotgim kelur.
Matematika - oy bo'ladi, yil bo'ladi,
Tankni tankka ko'paytirsa - kul bo'ladi..
Dunyo kachon bo'ston bo'lar, gul bo'ladio'
Adabiyot o'ylayverib sil bo'ladi!
Matematika - lov-lov yonib turgan cho'g'san,
Sendan nima yasashlarin bilgan yo'qsan.
Derazadan mo'ralaydi gilos shoxi,
U qo'ndog'ing, o'zing miltiq, o'zing o'qsan...
Matematika, qo'yning to'la sir bo'ladi.
Birga birni ko'paytirsa - bir bo'ladi.
Qovurg'amning tagida bir qumri yig'lar,
Doskadan meni ayirsang - SHE'R bo'ladi!

O'LAN

To'ylarni hammadan ham
Buy qizlar xush ko'rarmish.
Bitta qiz erga tegsa,
Qirqtasi tush ko'rarmish.
To'yxonada kuy tinib,
Tinganida olovlar.
Qirq suluvni yig'latib
Ketar ekan kuyovlar...
Singillarim, yig'lamang,
Yig'lasangiz xafaman.
Yurtni kezib, sizlarga
o'zim kuyov topaman.
Oq tilaklar bor bo'lsa,
Omon bo'lsa umidlar,
Izingizga zor bo'lar
Muhammaddek yigitlar!..

HAYVONOT BOG'I

Hayvonot bog'ida jayronni ko'rdim,
Tutqunlikda dili vayronni ko'rdim.
Ko'rdim, kuru k shoxda sayrar to'tilar,
Yig'lamsirab tovush qayrar to'tilar.
Qanotdan ayrilib, qilar pardozlar,
Osmonida endi ucholmas g'ozlar.
Burgutlarning boshi egilgan yerga,
Bulbullarning yoshi to'kilgan yerga.
Kaklikning to'shi qon, tumshuklari qon,
Qumrilarning ma'yus ko'zlari - doston...
Bu dunyo aslida hayvonot bog'i,
Mushtoq - zorlikka kon boshdin-oyog'i.
Bir-bir barin sanab netarman, bas-da,
Neki go'zal bo'lsa bari qafasda!..
"SAYLANMA" Toshkent-2005


O'xshash maqolalar