Asosiy/ Sherlar/ Hali ayol bo'lmabsiz, poshsho

Hali ayol bo'lmabsiz, poshsho

"Hali ayol bo'lmabsiz, poshsho"

Uyni bezab, tuzatsangiz ham,

Erni kutib, kuzatsangiz ham,

O'nta qizni uzatsangiz ham,

Hali ayol bo'lmabsiz, poshsho.

Uyingizga kelin kelgan yo'q,

Yuragingiz hali quvnoq, sho'x,

Kaftingizda tutmagansiz cho'g',

Hali ayol bo'lmabsiz, poshsho.

Tashvish sizdan bir qadam nari,

Mehnatlarning kelmadi gali,

Zo'r sinovlar oldinda hali,

Hali ayol bo'lmabsiz, poshsho.

Ko'zlaringiz hali surmalik,

Ko'ylagingiz yoqa, tugmalik,

Uyingizda g'alva yo'q, tinchlik,

Hali ayol bo'lmabsiz, poshsho.

Ko'ngil qushi sayrab turibdi,

Orzulardan yayrab turibdi,

Yov u kunni poylab turibdi,

Hali ayol bo'lmabsiz, poshsho.

Bir begona qush kelib unda,

Axlatingiz "titadi" kunda,

Bilmaslikka olasiz shunda,

Hali ayol bo'lmabsiz, poshsho.

Qanday gulsiz, isingiz chiqar,

Chin qiyofa, tusingiz chiqar,

Yo tillo, yo misingiz chiqar,

Hali ayol bo'lmabsiz, poshsho.

- Marhaboxon, she'r yozmay keting,

Nima qilay bo'lmasa ayting?

- Tinch kunlarning qadriga yeting,

Hali ayol bo'lmabsiz, poshsho.




O'xshash maqolalar