//

Asosiy/ Psixolog maslahati/ Avval ham shu yerda bo'lgandayman

Avval ham shu yerda bo'lgandayman

Ba'zida sizni ham g'alati bir holat qiynaydimi: qachondir shu yerda bo'lgansiz, hozir aytilayotgan gaplarniilgari ham eshitgansiz. Voqea bor o'yicha qaytatakrorlanayotganday, go'yo.

Bu fenomen fanda dejavyu deb ataladi. Dejavyu fenomenini yuzlab olimlar o'rganganiga qaramay, uning yuzaga kelishi bo'yicha hamon bir to'xtamga kelingani yo'q.

Xotiralar qorishuvimi?

Nevrologlar dejavyu fenomeni miyaning ma'lumotlarni saqlashga javob beruvchi qismi - gippokamp faoliyatining buzilishi bilan aloqador ekanini ta'kidlaydi. Inson xotirasi shunday tuzilgan: u eslab qolayotgan hodisasini bir qancha ma'lumotlar bilan qorishiq holda xotiraga muhrlaydi. Masalan, o'sha hodisa yuz berayotganda havo qanday bo'lgani, kunning qaysi qismi ekani, tovush va ohanglar...

Stress, aqliy zo'riqish va hatto magnit bo'ronlar sabab sog'lom odam xotirasidagi ma'lumotlar chalkashib ketadi. Masalan, yaxlit holda saqlanayotgan axborotning bir qismi boshqa xotiralar bilan qorishishi mumkin. Natijada, sodir bo'layotgan hodisadagi qaysidir element ilgari ham yuz bergani bois, butun boshli holat takrorlanayotgandek tuyuladi.

Tushmi yo o'ng?

Psixologlarning fikricha, dejavyu tush ko'rish bilan bog'liq. "Uyqu vaqtida miya yuz minglab vaziyatlarni modellashtiradi. Ulardan ayrimlari biror jihati bilan reallikda yuz berayotgan vaziyatga yaqin bo'lishi mumkin. Esda yorqin qolmagan bo'lsa-da, ong ostida saqlanayotgan tushning reallikka yaqinlashishi dejavyu fenomenini paydo qiladi", deydi mutaxassislar.

Yana bir taxmin: dejavyu miyaning vaqtni belgilash funktsiyasi buzilishi bilan bog'liq. Ya'ni, miya ayni damda yuz berayotgan hodisani eski vaqt bilan "qayd qiladi". Oqibatda bu holat ikkita hodisa sifatida qabul qilinadi va voqea birinchi marta yuz berayotgan bo'lishiga qaramay, takrorlanayotgandek tuyuladi.




O'xshash maqolalar