yandex metrika
Mashhurlar

Zaynab Sadriyeva - Biografiya

Zaynab Sadriyeva har bir o'zbek uchun qadrdon. Qattiqqo'l, sodda va samimiy qiyofasi yuzimizga tabassum, qalbimizga hamisha iliqlik olib keladi. Agar arzirli mubolag'a bilan aytsak, uni uzoqdan taniymiz, qadamlaridan, ovozi va o'zbekona lutflaridan...Bugun biz o'zbekning eng buyuk qaynonasi, Farmonbibi va Anzirat buvilar obrazini yaratgan Zaynab Sadriyevami xotirlaymiz... Astraxandan Toshkentga Zaynab Sadriyeva 1912 yilning 25 oktyabrida Astraxan shahrida tug'ilgan. Otasi Sadri bobo Astraxandagi un zavodida oddiy ishchi bo'lib ishlagan. Onasi uyda farzandlar tarbiyasi bilan shug'ullangan. 1916 yilda Astraxandagi un zavodi Toshkent viloyatining Yangiyo'l tumaniga ko'chiriladi va shu munosabat bilan Zaynab Sadriyevaning otasi barcha oila a'zolari bilan Yangiyo'lning Qovunchi qishlog'iga ko'chib kelishadi. O'shanda Zaynab Sadriyeva to'rt yoshda edi. Shunday qilib bo'lajak aktrisaning bolaligi Yangiyo'lning Qovunchi qishlog'ida o'zbeklar orasida o'tadi. U voyaga yetgach, Toshkentdagi xotin - qizlar bilim yurtiga o'qishga kiradi. Texnikumda Zaynab Sadriyeva Zulfiyaxonim bilan birga tahsil oladi. Taqdir bu ikki ayolni chin ma'noda yurtning "malikasi"ga aylantirdi. Zulfiyaxonim adabiyotda, Zaynabxonim esa san'atda haqiqiy yulduzga aylandi. Texnikum ro'parasidagi Hamza nomidagi O'zbek Davlat akademik drama teatri (Hozirgi O'zbek Milliy akademik teatri) o'tkazgan kastingda o'n yetti yoshli Zaynab Sadriyeva mashhur san'atkorlar e'tiboriga tushadi va butun umrini san'at bilan bog'laydi. 1929 yilda dastlab ishchi - sayyor truppasida faoliyatini boshlagan aktrisa umrining oxiriga qadar Hamza nomidagi O'zbek Davlat akademik drama teatri (hozirgi O'zbek Milliy akademik teatri) sahnasida ijod qildi. Zaynab Sadriyeva teatrda ishlab yurgan kezlari aktyor Obid Hasanov bilan tanishadi va turmush qurishadi. O'zbekiston xalq artistlari Obid Hasanov va Zaynab Sadriyeva ikki o'g'il va ikki qizni dunyoga keltirishadi. Afsuski, ularning ikki o'g'li hayotdan erta ko'z yumadi. Ularning qizlari Rozaxon Hasanova va Dilbarxon Ismoilovalardir. Roza Hasanova san'atga daxldor emas, lekin O'zbekiston xalq artisti, kino va teatr, dublyaj aktrisasi Dilbar Ismoilovani xalqimiz yaxshi taniydi. O'zbekiston xalq artisti Zaynab Sadriyeva ijodi davomida turli xil obrazlarni yaratib tomoshabinlar e'tiborini qozonish barobarida ularning mehriga, muhabbatiga sazovar bo'ldi. Jahon adabiyotining F.Shiller, M.Dib, A. Ostrovskiy, M. Gorkiy kabi yorqin vakillarining asarlari qahramonlarini sahnaga olib chiqdi. U "Makr va Muhabbat" pesasida Mildford xonim, "Jazoir - mening vatanim" asarida Zaynab, "Aybsiz aybdorlar"da Glafira, "Vassa Jeleznova"da Vassa Jeleznova kabi bir - birini takrorlamaydigan, badiiy jihatdan barkamol obrazlari bilan o'zbek teatri rivojiga munosib hissa qo'shdi. Turli yillar-da yaratilgan Poshshaoyim va Hoji ona (Hamza, "Boy ila xizmatchi", Xolnisa (A.Qahhor, "Shohi so'zana", Tanga beka (M.Karim, "Oy tutilgan tunda, Marina Ivanova (O'.Umarbekov, "Komissiya" kabi murakkab va kuchli dramatik obrazlar Zaynab Sadriyeva ijodida alohida o'rin tutadi. San'atda shunday qiyofalar borki, beixtiyor ularga ergashging, ulardek ko'ring keladi. Shu ma'noda Zaynab Sadriyeva o'zining yaratgan obrazlariga iroda, haqgo'ylik, qattiqqo'llik, jasurlik kabi tuyg'ularni mahorat bilan singdirgan ediki, tomoshabin uning ijrosidan kuch, hayotiy saboqni topa olardi. Farmonbibi ham, Anzirat buvi ham o'zimizniki Aktrisa umrining so'nggi yillarida sahnada yana bir karra o'zini namoyon eta oldi va xalq qahramoniga aylandi. U 1975 yilda buyuk rejissyor Bahodir Yo'ldoshev sahnalashtirgan O'zbekiston xalq yozuvchisi, O'zbekiston qahramoni Said Ahmadning "Kelinlar qo'zg'oloni" spektaklida Farmonbibi obrazini gavdalantirdi va barcha uchun yanada sevimli qiyofaga aylandi. Bahodir Yo'ldoshev bosh qahramon tanlashda yanglishmagan edi. Ijroda aktrisa haqiqiy o'zbek ayolining hayotiy prinsiplarini, aqidalarini milliy qadriyatlarga shu qadar mahorat bilan qorishtirganki, hech bir tomoshabin uning qattiqqo'lligidan, qo'rsligidan ozor chekmaydi. Aksincha unga ergashadi... Aynan shu spektakldagi ijrodan ilhomlangan kinorejissyor Melis Abzalov Zaynab Sadriyeva uchun navbatdagi muvafaqqiyatni, tomoshabin uchun esa navbatdagi zavqni taqdim eta oldi. 1982 yilda suratga olingan "Suyunchi" kinokartinasi o'zbekona qadriyatlarning sof va samimiy chizgilarini namoyon eta oldi. Ushbu film davomida tomoshabin Anzirat kampirning yonidan bir zum jilmaydi, uning tashvishlariga, quvonchlariga o'zini sherik qila oladi. Zero, san'atdagi eng katta muvafaqqiyat ham aynan shu bo'lsa kerak. So'zimiz avvalida "San'at - o'zidan yiroqlashish emas balki o'zini topish barobarida yuzaga keladi", degan fikrni aytgan edik. Shu ma'noda O'zbekiston xalq aristi Zaynab Sadriyeva san'atdan o'zini topa olgan buyuk san'atkor edi. Aktrisaning Astraxandan Toshkentgacha bo'lgan umr yo'li bugun barchamiz uchun qadrli. 1952 yilda O'zbekiston xalq artisti, keyinchalik esa Davlat Mukofotiga sazovar bo'lgan Zaynab Sadriyeva 1991 yil Toshkentda vafot etdi. Zaynab Sadirevaning to'rtta nabirasi bor. Kichik qizi Dilbar Ismoilovaning farzandlari Dilshod va Dilnoza Ismoilovalar san'at yo'lini tanlagan. Hozirda aktrisaning evara va chevalari bor... Evaralar san'at yo'lini tanlamadi.. Asli tatar millatiga mansub bo'lsada, Zaynab Sadriyeva barcha uchun haqiqiy o'zbek ayoliga aylangan. Zaynab Sadriyevani xotirlab... Ishga e'tiqod Erkin Komilov, O'zbekiston xalq artisti: - Zaynab Sadriyeva chin ma'noda o'zbek san'atining buyuk ijodkori edi. Xalqona, chapani ijrodagi katta samimiyat va ma'suliyat hissini barcha birdek his etadi. Zaynab opa tabiatan dilkash, kamtarin ayol edi. Sahnada qattiqqo'l shu bilan birga ijro paytida partnyorni qo'llab-quvvatlaydigan, jarayonni o'zida seni to'g'ri yo'lga sola oladigan professional aktrisa edi. Men bu ayoldagi ishga nisbatan ma'suliyat, ish joyiga nisbatan e'tiqod va hamkasblarga cheksiz hurmatni hamisha qadrlaganman. "Farmonbibidan qo'rqib turardik" Farhod Abdullaev, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist: - Zaynab Sadriyeva bilan "Kelinlar qo'zg'aloni", "Farmonbibi arazladi" kabi spektakllarda birga ishlash baxtiga musharraf bo'lganman. Juda iste'dodli, hurmatga loyiq ayol edi. Lekin sahnada bu ijodkorning yana bir qirrasi hamisha aks etgan. Bu ularning o'ziga yarashadigan salobati edi. Hammamiz yaxshi ko'rardik,shu bilan birga hammamiz yaxshi ma'noda qo'rqar edik... Repitisiyalarga kech kelmaslikka, so'zlarni yaxshilab yodlashga va rolga nisbatan jiddiy yondoshuvimizga hamisha e'tiborli edi. "Farmonbibi arazladi" spektaklida Zaynab opaning salobatidan hayiqib Dilbar Ikromova so'zlarini yo'qotib qo'yishdan cho'chirdi. Ularning yonida biz yoshlar hamisha hayajon, yaxshi ma'nodagi qo'rquv bilan obrazga kirardik. "Zaynab opa o'ynamasa, film suratga olinmaydi!" Rixsivoy Muhammadjonov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, dramaturg, ssenarist va kinorejissyor: - "Suyunchi" filmi aslida chol haqida bo'lishi kerak. Lekin negadir tanlagan obrazimdan haqqoniylik topa olmadim. Uzoq o'yladim va "nima uchun o'z onam haqida yozmasligim kerak", degan qarorga keldim. To'g'risi, Anzirat kampir aynan Zaynab opa uchun yozilmagan edi. Ularning sahnadagi mahoratini bilardim, kuzatardim. Lekin xayolimga shu ayol kelmagan. Keyin Anzirat kampir obrazi uchun Maryam Yoqubova va Zaynab Sadriyevani tavsiya etishdi. Nazarimda Anzirat kampir faqat Zaynab Sadriyevaning ijrosida o'zini topadigandek tuyuldi.

 

Zaynab Sadriyeva
Zaynab Sadriyeva

Ko'pchilik Maryam Yoqubovaning nomzodini qo'llab-quvvatlashdi. Lekin men "Agar Zaynab opa o'ynamasa, film suratga olinmasa ham mayli", deb turib oldim... Anzirat kampir obrazida keksalikning katta fojiasi bor. Faqat o'sha holat nihoyatda sipolik, sinchkovlik bilan berilgan. Zaynab Sadriyeva obrazni me'yorini topa olgan. Ijroda ortiqcha mubolag'a ham, ozgina yetishmovchilik ham yo'q! Bugungi aktrisalarimizda ana o'sha ijrodagi me'yor yetishmaydi. "O'zbekning buvijonisi" O'zbekiston xalq artisti, kino va teatr, dublyaj aktrisasi Dilbar Ismoilova: - Onam mening eng yaqin insonim edi. Uyda ham, ishda ham doim birga edik. To'g'risi, ularni yo'qotganimga hali ham ishonmayman. Bag'rikeng, mehribon inson edilar. Nevaralarini juda ham yaxshi ko'rardi. Juda mehrli, muhabbatli buvijon edilar. Ular nafaqat mening farzandlarimni balki butun o'zbeklarning buvijonisi, desam xato bo'lmaydi. Onam xalqqa yaqin edi, muxlislar bilan erinmasdan suhbatlashar edi. Kamtar, kamsuqam ammo g'ururli, mag'rur ayol edi. Onamni tanigan - bilganlar hamisha yaxshilik bilan "Zaynab opadek ayolni hali ko'rmadik" , deyishadi... Meni ko'rganlar onamni eslashadi... Shunday ayolni farzandi bo'lish bu baxt!