Asosiy/ Hikoyalar/ Qalb jarohati

Qalb jarohati

Savdo-sotiq gullab-yashnagan shaharda bir amaldor yashagandi. Kunlarning birida u bozor maydonidan o'tib borayotganida, qandaydir notanish juldur kiyimli kishi yoniga yaqinlashib, haqoratli so'zlarni aytib baqira boshladi va yuziga tupurgach, qayoqqadir chopib ketdi. Bu sharmandalikni ko'tara olmagan amaldor xastalanib yotib qoldi.

Qalb jarohati

Ahvol shu tarzda davom etsa, u o'lib qolishi ham mumkin edi. Ammo do'stlari uni qalb jarohatlarini ham davolay olish mahorati bilan tanilgan tabib huzuriga borishga ko'ndirishdi. Amaldor borgach, tabib unga beshta dori berdi va har kecha aniq bir vaqtda uyg'onib, ulardan birini ichishni buyurdi.
Qorong'i tushdi. Amaldor tunda uyg'onib birinchi dorini ichdi. Uyquga yotgach, u tushida o'sha bozor va qarshisiga kelib yuziga tupurgan juldur kiyimli kishini ko'rdi. Chidab bo'lmas darajadagi bu tahqirlash va uyatdan bemor g'oyat qattiq ingrab yubordi hamda uyg'onib ketdi.
Keyingi tunda u ikkinchi dorini qabul qildi va aynan o'sha tushni ko'rdi. Biroq bu safar uning qalbi sharmandalik o'rniga yurakni muzlatib yuboruvchi qo'rquvni his qildi. Uchinchi kechada ham bemor xuddi o'sha tushni ko'rdi, ammo endi uyalish va qo'rquvni emas, balki chuqur qayg'uni his etdi. Amaldor bu holatdan ajablandi, ammo tabib ko'rsatmalarini oxirigacha bajarishga qaror qildi va keyingi tunda to'rtinchi dorini ichdi. Albatta u yana o'sha tushni ko'rdi, biroq bu tush oldingi tunlardagidek og'riqli bo'lmadi, amaldor faqat yengil hayratnigina his etdi. Beshinchi tunda esa amaldor kutilmaganda qalbida quvonch paydo bo'lganini sezdi. Nima deb o'ylashni ham bilmagan bemor, darhol o'rnidan turib, maslahat so'rash va yangi dori olish uchun tabib huzuriga yo'l oldi.
- Dorilarimni qabul qilgach, nimani his etdingiz? - so'radi tabib.
- Har kecha bir xil - o'sha notanish kishi yuzimga tupurganini tushimda ko'rdim, - dedi amaldor. - Ammo har bir tushim menda yangi tuyg'ular uyg'ondi. Men goh sharmandalikni, goh qo'rquvni, goh g'am-qayg'u, gohida esa hayratni boshimdan kechirdim. Biroq oxirgi kechada qalbimda quvonch uyg'ondi va bu tuyg'u meni hali ham tark etgani yo'q. Hozir esa men dovdirab qoldim - aslida o'sha vaziyatda nimani his qilishim kerakligini ham bila olmayapman...
Amaldorning bu gapini eshitib, tabib kuldi va izoh berdi:
- Nima yuz berishidan qat'i nazar, bu voqeaga o'zingiz qanday qarash kerak deb hisoblasangiz, shunday munosabatda bo'ling. Axir har qanday holatda ham qayg'uga botishingiz yoki xursand bo'lishingiz o'z tanlovingizga bog'liq. Yuzingizga tupurganlariga kelsak, o'zini aqlli deb bilgan odam bu narsaga shunchaki e'tibor bermay qo'ya qolardi. Ayniqsa, sizni xafa qilgan kishi aqldan ozgan bir tentak bo'lsa... uning tupugi birdan ko'tarilib, ko'zingizga chang to'ldirgan shamolning tahqirlashidan ortiq emas...
Ruschadan Muhabbat Sharifova tarjimaci.


O'xshash maqolalar