Asosiy/ Hikoyalar/ Niyatim amalga oshganidan afsusdaman

Niyatim amalga oshganidan afsusdaman

Yaratgan sizga farzand ato etadi, biroq uning jinsini siz rejalashtirolmaysiz, hatto u sogʼlom tugʼiladimi-yoʼqmi, buniyam bilish mushkul masala. Аtrofga nazar tashlab, butkul soppa-sogʼ odamlar ham nogiron, biron joyi kemtik farzandlar koʼrishganining guvohi boʼlganman. Bunga balki qandaydir sabablarni roʼkach qilib koʼrsatish mumkindir (masalan, yaqin qarindoshlar orasidagi nikoh, tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish va boshqalar), biroq oʼz misolimda bularning hech birini koʼrsata olmayman. Shunchaki men boshidan niyatni notoʼgʼri qildim, butun soʼrash oʼrniga kemtik soʼradim, Yaratgan ham soʼraganimni berdi, niyatim amalga oshdi, lekin bundan menga yaxshi boʼlgani yoʼq, aksincha, dardim koʼpaydi, tashvishim ortdi. Eh, qani edi, vaqtni ortga qaytarishning iloji boʼlganda, balki bari boshqacha boʼlarmidi?

Toʼrt nafar qizim bor, bir-biridan shirin, aqlli, zukko qizaloqlar onasiman. Ulardan nolishga haqqim yoʼq. Lekin tan olaman, hech bir qizim tugʼilganda xursand boʼlmaganman, "yana qizmi, nega yana qiz tugʼildi?", deb hoʼngrab yigʼlaganlarim yodimda. Oʼgʼil tugʼib, kerilib yotgan hamxonalarimga ham havas, ham hasad bilan qaraganlarim esimda. "Nega ular oʼgʼil tugʼishadi, mening esa bu borada omadim chopmay, mudom qiz tugʼaveraman, ulardan qanday kam joyim bor, nega Аlloh menga nisbatan bunaqa nohaqlik qilaveradi?", deb oʼylardim. Аslida, erim biron marta menga ortiqcha gap aytmagan, nega qiz tugʼding, deb taʼna ham qilmagan. Yeganimiz oldimizda, yemaganimiz ketimizda, biron nimaga zoriqtirmagan, qizlarimga yaxshi qarar, yaxshi kiyintirar, ularga mehr berardi. Hamma gap menda edi, qizlarimga qarab turib, faqat Xudoga nola qilardim: "ey, Xudo mengayam oʼgʼil ber, mayli, u biron nuqsoni bilan tugʼilsin, mayli, uning biron yeri kam boʼlsin, nogiron boʼlsayam mayli, faqat oʼgʼil bola boʼlsa, bas", derdim. Hozir bu aytgan gaplarimdan nechogʼlik pushaymonligimni bilsangiz edi. Oʼshanda bu gaplarning mohiyatini anglamagan boʼlsam kerak, shunchaki til uchida aytib qoʼyganman, azbaroyi oʼgʼillik boʼlishni qattiq xohlaganimdan ogʼzimdan chiqayotgan soʼzlarga eʼtibor bermaganman, men qiz emas, oʼgʼillik boʼlishni juda istaganimdan, shunday deganman. Lekin niyat qildingmi, uni butun qilish kerakligini oʼylamabman. Bu gapning amalga oshishi mumkinligiga ishonmabman.

Oʼz vaqtida ayollar koʼrigiga chiqdim, meni hisobga olishdi, bir qator tahlillar topshirdim. Shifokorim skrining markaziga joʼnatganda, nimalarnidir bahona qilib, bormadim, u yerga nasha chekadiganlar, spirtli ichimliklar ichadiganlar boraversin, erim ham ichmasa, chekmasa, bizdan nogiron bola tugʼilarmidi, deb oʼylaganman. "Buyam qiz boʼlsa kerak, nima boʼlsa, boʼldi, endi buyogʼi peshonamdan, koʼrikdan ham oʼtmayman, qiz boʼlsa, boshqa tugʼmayman", deb oʼzimga oʼzim vaʼda berdim. Lekin yuragimda yana umid uygʼondi, Yaratgan nolalarimni eshitgan boʼlsa kerak, koʼz yoshlarimga rahm qilib, menga oʼgʼil ato etar, degan oʼydan yiroq emasdim.

Xullas, tezda toʼqqiz oy ham oʼtib, bola tugʼiladigan vaqt keldi. "Oʼgʼil" degan xitobni eshitishim bilan, oʼzimda yoʼq xursand boʼlib baqirib yubordim. Shunaqayam xursand boʼlganmanki, buni soʼz bilan ifodalab bera olmayman. Necha yillik orzuim nihoyat ushaldi, men oʼgʼillik boʼldim.

Chaqaloqni dabdaba bilan tugʼruqxonadan olib chiqdik, hamma baxtiyor, hamma xursand.

Bola ikki oylik boʼlguniga qadar hech bir oʼzgarish sezganimiz yoʼq. Uni ilk tekshiruvga olib chiqqanimda, shifokor oʼz shubhalarini aytdi, tekshiruvga joʼnatdi.

Eh, bolam tugʼma falaj boʼlib tugʼilgan ekan, uni koʼrsatmagan doʼxtirlarimiz, olib bormagan tabibu, shifoxonalarimiz qolmadi, hamma tuzatamiz, qoʼldan kelgancha harakat qilamiz, deydi-yu, biron bir oʼzgarish sezilmaydi. Shu tariqa oʼgʼlimiz katta boʼla boshladi. U bilan birga tashvishlarimiz ortdi, yugur-yugurlarimiz koʼpaydi.

Unga nogironlar aravachasini olib berib, uzzukun dam qizlarim, dam men parvarishlaymiz, chunki unga mudom eʼtibor kerak...

Oʼgʼillik boʼlishni orzu qilgandim, Аlloh menga oʼgʼil berdi, lekin oʼzim istagandek, kam-koʼsti, kemtigi bilan berdi. Oʼz niyatimga yarashasini oldim, endi dardimni kimgayam aytardim. Men oʼz baxtsizligimni oʼzim soʼrab oldim.



O'xshash maqolalar