Asosiy/ Hikoyalar/ Chimildiqqa kirgan kuyov

Chimildiqqa kirgan kuyov kelinning yuzidagi pardani ko'tarib, yuragi yorilishiga oz qolibdi...

Qishlog'imizda bir daryo bor. Uning zilol suvi shiddat bilan oqadi. Har tong daryoga, yastanib yotgan adirga, past tepaliklarga suqlanib boqaman. Keng qishlog'imning husnidan aslo to'ymayman. Baland togʼlar tomonga termilganimda daryo yonidagi tik qoyaga koʼzim tushishi hamon negadir koʼnglim gʼalati boʼladi. Baʼzan sirli kuch meni oʼsha tomonga tortayotganday tuyiladi. Bir kuni uning yonida oʼtayotib, ayol kishining ovozini eshitdim. U "Xiyonatkor" deganday boʼldi. Buvamga bu haqda aytgandim, u sirli qoya va men eshitgan oʼsha sirli tovush haqda soʼzlab berdi:

- Bu qoyada Oyjamolning ruhi yashaydi, bolam. U mana shu qishloqda oʼsgan suluv qiz edi. Ota-onasi erta oʼlib ketgani uchun buvisining qoʼlida ulgʼaydi. Goʼzal qizga badavlat oilaning oʼgʼli uylandi. Uning ismi Nodir edi. Kelin boʼlib tushgan xonadonida hech kimi yoʼq yetim qizni odam oʼrnida koʼrmasdilar. Bechoraginaning hatto qaynona-qaynotasi, qaynsingillari, eri bilan bir dasturxonda oʼtirishga haqi yoʼq edi. Kamsuqum qiz xizmatkorlar bilan birga ovqatlansa-da, kun boʼyi haqoratlar eshitsa-da, eriga bu haqda aytmas va oʼz holidan nolimasdi. Biroq koʼp oʼtmay, arzanda oʼgʼilning ishqi qishloqqa ishga kelgan chiroyli doʼxtir qizga tushdi-yu, Oyjamolga boʼlgan muhabbati soʼndi.

Inobatxon ham qaddi-qomati kelishgan edi, u Nodirga avvaliga koʼz suzibdi-yu, keyin to xotinidan qutulmaguncha unga turmushga chiqmasligini aytib, uchrashmay qoʼyibdi. Endi arzandaning Oyjamolni koʼrarga koʼzi yoʼq edi. U xotinining ogʼiroyoqligini andisha qilmay, uradigan va tahqirlaydigan odat chiqardi. Biroq eri boshqalarga qoʼshilib, unga qanchalik yomon munosabatda boʼlmasin, ayol uydan chiqib ketmadi. Dargʼazab er esa oʼzini qoʼyarga joy topolmasdi. Аxiyri u iblisning gapiga kirib, dahshatli reja tuzdi.

Oyjamolning ovqatiga zahar soldi. Lekin kelinchakning joni sabil ekan. U homilasidan ayrildi-yu, biroq tirik qoldi. Аmmo suluvdan nihoyatda badbashara ayolga aylandi. Niyatiga yetolmagan Nodir tagʼin kutishga qaror qildi. U xotiniga oʼzini goʼyo bolasidan ayrilganiga va yuzi xunuklashganiga kuyinganday koʼrsatdi-yu, biroq yoʼliga toʼgʼanoq boʼlayotgan ayolidan qutulishga astoydil bel bogʼladi. Keyin eshitishimizcha, u xotinini daryo tomonga olib borib, oʼsha tik qoyaga chiqishga undabdi. Oʼzi ham u bilan birga koʼtarilibdi. Oyjamol erining koʼnglidagi chirkin niyatidan bexabar edi.

Аyol ortiga oʼgirilishga ulgurmabdi ham, berahm erkak uni daryoga itarib yuboribdi. Bu safar ayol omon qolmadi. Uning tanasini daryoning shiddatli suvi oqizib ketibdi. Nodir esa Oyjamolning marosimlarini oʼtkazishi bilan Inobatxonga uylandi. Bunday dabdabali toʼyni hech kim koʼrmagandi. Biroq chimildiqqa kirgan kuyov kelinning yuzidagi pardani koʼtarib, yuragi yorilishiga oz qolibdi. Inobatning goʼzal yuzi oʼrniga badbashara Oyjamolni koʼrib, baqirib yuboribdi.

Аyol esa:

- Xiyonatkor! Xiyonatkor! Xiyonatkor! - deya takrorlayotganday boʼlarkan.

Nodir jonholatda eshik tomonga otilibdi. Аmmo eshik oʼlgur hadeganda ochilmabdi. Oyjamolning qoʼllari esa uni orqaga tortibdi. Nodirning koʼziga badbashara yuzdan boshqasi koʼrinmabdi. U ortiga oʼgirilibdi va kelinchakni boʼgʼa boshlabdi. Jonsiz tana yerga yiqilganida esa Nodir ne koʼz bilan koʼrsinki, u Inobat ekan. Yaqinlari fojiani koʼrib, dahshatdan qotib qolishibdi. Nodir esa goʼyo telbaday daryo tomonga otilibdi. Uni Oyjamolning ovozi oʼsha yoqqacha taʼqib etib boribdi. Zolim er tik qoyaga chiqibdi-yu, qaygʼu-alam ichra oʼzini suvga otibdi. Аytishlaricha, hozir ham Oyjamolning bezovta ruhi shu tik qoya atroflarida izgʼib yurar ekan.

Men bu hikoyani eshitarkanman, dunyoga kelib, kun koʼrmay ketgan ayolga achindim. Har safar tik qoyaga tikilganimda gʼamgin ayol qiyofasini koʼrganday boʼlaman...

O'xshash maqolalar