Asosiy/ Hikoyalar/ Buxoriyning onasi

Buxoriyning onasi

Buxoriyning onasi
Buxoriyning onasi


Farzandlarini yeru ko'kka ishonmay yurgan Fotimani Allohning yana bir imtihoni kutardi. Bir kuni go'dak o'g'li Muhammad atak-chechak qilayotib, yiqildi. Shunda yerda yotgan bir shoxcha uning ko'ziga zaxa yetkazdi. Oradan uch-to'rt kun o'tgach, ona farzandining ko'rmayotganini payqab qoldi. Fotima dunyoni unutdi. Allohga nola qildi. Shu topda u o'g'lining ko'ra olishi evaziga hamma narsasini berishga tayyor edi. Katta o'g'li bilan birga buxorolik mashhur tabibnikiga jo'nadi.

Qartaygan, ko'zlari qisiq, titroq qo'lli tabib o'g'lini obdon sinchiklab ko'rib, davolashga ojiz ekanini aytdi. "Shifo yolg'iz Allohdan!" deb taskin ham berdi. Fotima tabib huzuridan bo'shashib, oyoqqo'li holsiz qaytdi.


Fotima sarosimaga tushmadi. U tunlari toatibodatda bedor, kunduzlari ro'zador bo'lib, Allohga iltijo qilib yolvordi, chin ixlos va umid bilan farzandining kasaliga shifo so'radi.

Kunlarning birida juda toliqib, ozroq uxlagan edi, tush ko'rdi. Hassa tutgan baland bo'yli, yuzi nurli, ko'rkam soqolli bir qariya tushiga kirdi. Keyin bilsa, bu zot Ibrohim Xalilulloh alayhissalom ekanlar. U kishi Fotimaning qarshisiga kelib, unga xursand holda: "Ey ayol, Allohga ko'p yolvorib yig'laganing, tinmay duolar qilganing samarasiz ketmadi. Mehribon Alloh o'g'lingga ko'zlarini qaytarib berdi", dedilar.

Uyqudan yuragi hapqirib uyg'ondi. Shoshilinch o'g'li yotgan xonaga chopdi. Kirib qarasa, ko'zi yana hammayoqni ko'ra boshlagan o'g'li o'rnida jilmayib yotardi. Ayol umid-iltijosi mukofotiga berilgan bu yaxshilikdan cheksiz sevindi. Allohga hisobsiz shukrlar aytdi, hamdu sanolar yo'lladi.

Onasi suyib-ardoqlab o'stirgan bu bola keyinchalik hadis ilmining sultoni, ulug' muhaddis Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (Imom Buxoriy) bo'lib yetishdi.

O'xshash maqolalar